Tramp “sobiq prezident devoni”ni ochdi



AQShning 45-prezidenti Donald Tramp Florida shtatida o‘z vakolatxonasini ochdi, deya xabar bermoqda “Kommersant”.

Press-relizda u “sobiq prezident devoni” deb nomlanadi. Devonxona Trampning yozishmalari, ommaviy bayonotlari va nutqlari bilan shug‘ullanadi. “Prezident Tramp bundan buyon va bir umrga Amerika xalqining himoyachisi bo‘lib qoladi”, — deyiladi bayonotda.
Tramp 20-yanvar kuni Jo Baydenning inauguratsiyasidan beri jamoatchilik oldida ko‘rinmadi. O‘sha kuni u Oq uydan Floridaga jo‘nab ketdi. OAV xabarlariga ko‘ra, Tramp navbatdagi prezidentlik saylovlarida qatnashmoqchi.
8-fevralda Senat 45-prezidentga nisbatan impichment masalasini ko‘rib chiqishni boshlaydi. Tramp Kapitoliyga qilingan hujumlarda ayblanmoqda.
Undan avval AQSh Vakillar palatasi 13-yanvar kuni Trampga impichment e’lon qilgandi. Uni hokimiyatdan chetlatish to‘g‘risidagi rezolyutsiya kongressmenlarning 232 nafari, shu jumladan, 10 nafar respublikachi ham ovoz bergan. Yana 197 kishi Trampning chetlatilishiga qarshi chiqdi.
Avvalroq Tramp yangi siyosiy partiya tuzishni rejalashtirmayotgani haqida ma’lum qilingandi.
Manba: "daryo.uz"