Foto: Rossiya bo‘ylab namoyishlar o‘tkazilmoqda.


Bugun, 23 yanvar kuni, Rossiyada Aleksey Navalniy va boshqa siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Bunga davolanishdan so‘ng Germaniyadan Rossiyaga qaytgan muxolifatchining hibsga olinishi sabab bo‘ldi.



Rossiyaning 40dan ortiq shahrida piketlar, mitinglar va norozilik aksiyalari o‘tkazilmoqda. Bu haqda Telegram’dagi «Komanda Navalnogo» kanali xabar berdi. Kanal muharririyati norozilik harakatlari kuzatilayotgan shaharlar ro‘yxatini yangilab bormoqda. Ro‘yxatda 40dan ortiq shahar mavjud.





YouTube’dagi «Navalnyy Live» kanalida Navalniyni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan aksiyalar bo‘yicha translatsiyani kuzatish mumkin. «Moskva vaqti bilan soat 10:00dan kechgacha bizning jamoa butun Rossiyadagi norozilik namoyishlarini jonli efirda ko‘rsatadi», - deyiladi translatsiyada.
Moskvadagi Pushkin maydonida aksiya boshlanishidan ancha oldin «Men qo‘rqmayman» degan yozuvni ko‘tarib olgan fuqaro qo‘lga olindi. U mahalliy ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan, deb xabar beradi Avtozak Live Telegram kanali. Juma oqshomidan boshlab Moskvadagi Pushkin maydoni deyarli qamalda qoldi: atrofda to‘siqlar o‘rnatilgan, politsiya va maxsus texnika, politsiya mashinalari jamlangan. Politsiya transporti «Moskva» mehmonxonasi yaqinida ham to‘plangan.








«Meduza» nashri muxbiri Moskvaga yaqin hududda zirhli texnikalar ham harakatlanishga tayyor turganini qayd etgan. Mahalliy vaqt bilan soat 10:00da kolonna poytaxt tomonga qarab yo‘l olgan.
Blagoveshchenskdagi aksiya paytida xavfsizlik xizmati xodimlari kamida 10 kishini qo‘lga oldi, deya ushlanganlarning o‘zi «OVD-Info»ga xabar berdi. Ular orasida voyaga yetmagan shaxs va jurnalist Andrey Afanasev ham bor. 
Vladivostokda politsiya xodimlari Aleksey Navalniy va Rossiyadagi boshqa siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan aksiyaga chiqqan fuqarolarni qo‘lga olmoqda. Navalniyning Vladivostokdagi shtabi xabariga ko‘ra, kuchishlatar tuzilmalar bilan to‘qnashuvlar ham yuz bermoqda.
Navalniyning Vladivostokdagi shtabi namoyish etgan videotranslatsiyada namoyishchilarning ommaviy qo‘lga olinayotgani haqida xabar berildi. Harakat qatnashchilari ketayotgan Svetlanskaya ko‘chasi butunlay to‘sib qo‘yilgan. Namoyishchilar mobil Internet tezligi pasayib ketganidan shikoyat qilmoqda.
Xabarovskda Navalniyni qo‘llab-quvvatlash aksiyasida mahalliy deputat qo‘lga olindi. U yerda o‘tkazilayotgan aksiya paytida xavfsizlik kuchlariga: «Hamma ushlansin!», degan buyruq bo‘lgani aytiladi. Bu Navalniyning mahalliy shtabi tomonidan namoyish etilgan videoda aks etgan. Shundan so‘ng, «OMON» fuqarolarni ommaviy qo‘lga olishni boshlagan.




23 yanvar kuni Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aksiyalar nafaqat Rossiyada, balki Yevropa va dunyoning o‘nlab boshqa shaharlarida ham bo‘lib o‘tadi.







Eslatib o‘tamiz, Germaniyadan Rossiyaga qaytib kelganidan bir soat o‘tmay, 44 yoshli Navalniy Moskvadagi Sheremetevo aeroportidagi chegara nazorati postida qo‘lga olindi.
Rossiya Jazoni ijro etish federal xizmatining yakshanba (17 yanvar) kungi xabariga ko‘ra, Navalniy siyosiy motivga ega deb ko‘rilgan firibgarlikda ayblanib, 2014 yilda olgan shartli jazo muddatini buzgani uchun hibsga olingan.
Sud hukmi e'lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, Navalniy jamoasi tomonidan e'lon qilingan videoda o‘z tarafdorlarini norozilik bildirishga chaqirdi.
«Jim turmang. Qarshilik ko‘rsating. Ko‘chalarga chiqing – men uchun emas, o‘zingiz va kelajagingiz uchun», dedi Navalniy.

Manba: "kun.uz"