Rossiyada koronavirusdan zararlanish holatlari 200 mingdan oshdi


Rossiyada koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq holatlar soni o‘sishi yuqori tempda davom etib, jami holatlar soni 200 mingdan oshdi. Bu vaqtda Vladimir Putin dushanba kuni Rossiyada 11 maydan keyin ham ishsiz kunlar muddatini uzaytirish masalasini muhokama qilishga tayyorlanmoqda.

Jurnalistlarning karantin choralari muddati uzaytirilishi ehtimoli haqidagi savolga javob bergan Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu masala dushanba kungi yig‘ilishda muhokama qilinishini bildirdi.
Aprel oyi oxirida Putin uchinchi marta ishsiz kunlar rejimini uzaytirgan va hukumatga 5 maygacha karantindan chiqish bo‘yicha reja ishlab chiqishni topshiriq qilgandi.
6 may kuni Rospotrebnadzor rahbari Anna Popova prezidentga cheklovlarni uch bosqichda bekor qilish bo‘yicha taklif berdi, har bir bosqichda faoliyatiga ruxsat beriladigan sohalar ro‘yxati kengayib boradi. U bunday qarorlar hududlar gubernatorlari tomonidan qabul qilinishini taklif qildi.
Rossiyada dam olish kunlari 25 martda boshlangandi, 2 aprel kuni prezident ishlanmaydigan kunlar oy oxirigacha davom etishini e'lon qildi. O‘shanda Putin Konstitutsiyaga o‘zgartirish bo‘yicha umumxalq referendumi qoldirilganini ma'lum qilgandi.


Tibbiy niqob majburiy

Operativ shtab ma'lumotiga ko‘ra, so‘nggi bir kunda 11 ming 12 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan, shundan 5551 holat - poytaxt Moskvada qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarda Moskva viloyati (20,5 ming kishi) va Sankt-Peterburg (7 404 kishi) joylashgan.
Rossiyada jami zararlanish holatlari soni 209 688taga yetgan, Moskvada 109 740 holat. 
Shtab ma'lumotiga ko‘ra, so‘nggi aniqlangan holatlarning qariyb yarmida (42,4 foizi) infeksiyaning klinik alomatlari bo‘lmagan.
Mamlakatda so‘nggi bir kunda 88 kishi koronavirus oqibatida vafot etdi, shundan 58 kishi o‘limi Moskvada qayd etilgan. Rossiyada epidemiya boshlanganidan buyon Covid-19 bemorlarining 1915 nafari vafot etgan.
So‘nggi bir kunda 2390 bemor sog‘aygan, shundan 1011 kishi -  Moskvada. Rossiyada shu vaqtgacha 34 306 bemor sog‘aygan.
Rossiya jahonda koronavirusdan zararlanish holatlari soni ko‘pligi bo‘yicha jahon reytingida beshinchi o‘rinda qolmoqda. To‘rtinchi o‘rindagi Buyuk Britaniyada bemorlar soni so‘nggi bir kunda 3,8 mingdan ortiqroq o‘sib, 215 mingdan oshgan. Rossiya bir kundan keyin Buyuk Britaniyadan o‘zib ketib, to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilishi ehtimoli yuqori.
9 may kuni Moskva shahridagi koronavirusga chalinganlar davolanayotgan Spasokukotskiy nomidagi klinik kasalxonada yong‘in sodir bo‘ldi. Natijada bir kishi halok bo‘lgan. Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, yong‘in tufayli evakuatsiya qilingan 300ga yaqin bemorning 108 nafari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlardir.
Avvalroq Moskva meri Sergey Sobyanin Rossiya poytaxtida o‘zini izolyatsiya qilish rejimini va ruxsatnoma bo‘yicha harakatlanish tizimining amal qilish muddatini 31 mayga qadar uzaytirgandi. Moskvaliklar transportda, jamoat joylarida va ishlab chiqarish hududlarida tibbiy niqobda harakatlanish majburiy qilib qo‘yilgan.

Manba: "kun.uz"