Bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan avtomobillarni rasmiylashtiruvdan o‘tkazish tartibiga o‘zgartirish kiritiladi


Bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.


Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.
Qayd etilishicha, xorijiy avtotransport vositasi O‘zbekiston Respublikasiga kirishida kirish bojxona posti xodimi tomonidan “Avtotransport vositasini qaytarib olib chiqish to‘g‘risida majburiyatnoma” rasmiylashtiriladi, bundan ta'mirlash, shu jumladan qayta tiklash va tarkibiy qismlarini almashtirish maqsadlarida olib kiriladigan avtotransport vositalari mustasno.
Ta'mirlash, shu jumladan qayta tiklash va tarkibiy qismlarini almashtirish maqsadlarida olib kiriladigan avtotransport vositalariga kirish bojxona postida yukni yetkazib berishning nazorat hujjati rasmiylashtiriladi. Ushbu avtotransport vositalari TIF bojxona posti tomonidan “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimiga rasmiylashtiriladi va avtotransport vositasi DYHXXning hududiy organlarida ro‘yxatga olinmaydi hamda elektron ma'lumotlar yuborilmaydi.


“Avtotransport vositasini qaytarib olib chiqish to‘g‘risida majburiyatnoma” “Avto” YaAAT dasturi orqali kirish bojxona posti xodimi tomonidan davlat, rus va ingliz tillaridan birida chop etiladi hamda xorijiy avtotransport vositasining egasiga (haydovchisiga) beriladi.
Chet el fuqarolari tomonidan “Avtotransport vositasini qaytarib olib chiqish to‘g‘risidagi majburiyatnoma” asosida olib kirilgan avtotransport vositalarini O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari yoki O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab kelayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar respublika hududida boshqarishi va (yoki) tasarruf etishi taqiqlanadi.
Vaqtincha olib kirish muddati tugashidan oldin O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketayotgan haydovchi bojxona organiga avtotransport vositasini vaqtincha saqlash uchun yozma murojaat qilgan taqdirda, ushbu avtotransport vositasi bojxona organi tomonidan belgilanadigan joylarda vaqtincha saqlash davri uchun mazkur Nizomning 16-bandida ko‘rsatilgan yig‘im to‘lanmaydi, bundan avtotransport vositasini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar mustasno hisoblanadi.
Belgilangan qaytarib olib chiqish muddatidan 5 kundan ortiq vaqt o‘tgan va respublika hududidan qaytarib olib chiqilmagan xorijiy avtotransport vositalari to‘g‘risida “Avto” YaAATda elektron ma'lumotlar shakllanadi va DYHXXga real vaqt rejimida yuboriladi.
DYHXXning hududiy organlari tomonidan Davlat bojxona qo‘mitasi ma'lumotlari asosida respublika hududidan qaytarib olib chiqilmagan xorijiy avtotransport vositalari aniqlangan taqdirda ular bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan choralarni ko‘rish uchun uch ish kuni mobaynida davlat bojxona xizmatining hududiy organlarini xabardor qiladilar.”.
Ko‘rib chiqish yakuni bo‘yicha bir ish kuni mobaynida bojxona postlari tomonidan “Avtotransport vositasini qaytarib olib chiqish to‘g‘risida majburiyatnoma” dublikati beriladi. “Avtotransport vositasini qaytarib olib chiqish to‘g‘risida majburiyatnoma”ning yuqori o‘ng burchagiga “Dublikat” deb yoziladi va bojxona posti boshlig‘i yoki uning o‘rinbosari imzosi va post muhri bilan tasdiqlanadi.
Bojxona to‘lovlaridan imtiyoz qo‘llanilgan holda “Erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan avtotransport vositasini 3 yil davomida qayta jihozlash bojxona yuk deklaratsiyasida ko‘rsatib o‘tilgan tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi kodi o‘zgarishiga olib kelsa, bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida bojxona to‘lovlaridan berilgan imtiyozlar to‘langan taqdirda ushbu avtotransport vositasini qayta jihozlashga ruxsat beriladi.
Manba: "kun.uz"