Toshkentda dahshatli jinoyat — jabrlanuvchining jasadi bo‘laklanib, hovliga ko‘mib yuborilgan


    Toshkentda dahshatli jinoyat fosh etildi. Bir hafta avval o‘g‘irlab ketilgan fuqaroning jasadi bo‘laklanib, hovliga ko‘mib tashlangani aniqlandi. Bu haqda Xabar.uz’ga Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, roppa-rosa bir hafta burun (7 may, 2020 yil) poytaxtning Uchtepa tumanida istiqomat qiluvchi o‘ttiz bir yoshli R. R. «Lacetti» rusumli avtomashinasida uyidan chiqib, bedarak yo‘qolgani bo‘yicha Toshkent shahar IIBB tomonidan JKning (Jinoyat kodeksi) 137-moddasi (Odam o‘g‘irlash) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

O‘tkazilgan tezkor-tergov harakatlar davomida aniqlanishicha, Yunusobod tumanida yashovchi J.Aripbayev (1990 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, ayni paytda ishsiz) R. R.dan sotib olish sharti bilan ijaraga avtomashina olgan. O‘zaro munosabatlar jarayonida R. R.ning o‘ziga to‘q insonlardan ekanini bilgan J. Aripbayev uning pul mablag‘larini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritishni rejalaydi. Shu maqsadda u M.Mahkamov (1991 y.t., sudlanmagan, ishsiz) va S.Abdulhakimova (1991 y.t.) bilan til biriktiradi. Avvaliga ijtimoiy tarmoq orqali R.R. bilan ayol kishi sifatida tanishib, virtual muloqot kirishishadi. Tomonlar shu tariqa bir-birini «sinashgach», shu yilning 7 may kuni S.Abdulhakimova R.R.ni uyiga taklif qiladi. Aytilgan manzilda esa R.R.ni «kutib olgan» uchchovlon avvaliga uni urib-do‘pposlab, qo‘l va oyoqlarini arqon bilan bog‘lashadi. So‘ng yonida bo‘lgan 400 AQSh dollari va 1.000.000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini qo‘lga kiritadi.

Bu bilan qanotlanmagan jinoiy guruh R.R.ni qiynab, pul talab qilishda davom etadi. Ayni jarayonda uning uyali telefonida Telegram mesendjeri orqali (R.R.ning nomidan uning) ota-onasi bilan SMS xabarlar almashib, ularga bir do‘stining uyidan 29.000 AQSh dollarini olib, falon manzilga yetkazib berishni aytadi. Va shu tariqa ular 29.000 AQSh dollarini qo‘lga kiritishadi.

Shundan so‘ng sodir etgan jinoyatlarini yashirish maqsadida J. Aripbayev 8 mayga o‘tar kechasi R.R. minib kelgan «Lacetti» rusumli avtomashinasi yukxonasiga o‘zini majburan joylab, ikki kun avval ijaraga olgan Yashnobod tumanidagi hovliga olib boradi va shu yerda uni urib, umriga zomin bo‘ladi. So‘ng yollanma ishchilar yordamida mazkur xovlida chuqur qazdirib, marhumning murdasini bo‘laklarga ajratib, ko‘mib yuboradi...

 To‘plangan hujjatlarga ko‘ra, J.Aripbayevning harakatlarida qasddan odam o‘ldirish jinoyat tarkibi mavjudligini hisobga olib, jinoyat ishi Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan JKning 137-moddasi (Odam o‘g‘rilash )1-qismidan JKning 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi «i» bandi va 164-moddasi (Bosqinchilik) 3-qismi «g» bandiga qayta malakalangandi.

J. Aripbayev ayni paytda qo‘lga olingan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Manba: