Xitoyning Shimoliy Koreya bilan chegaradagi shahri koronavirus avj olishi sababli yopildi


Xitoyning Girin provinsiyasidagi Shulan shahrida koronavirusning kutilmaganda avj olishi hukumatni shaharni yopishga majbur qildi. Shahar va uning atrofidagi qishloqlar bilan transport aloqasi to‘xtatilgan.


                                                 Foto: Kcna
                    
                                Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi xabar qilgan
Shaharning Shimoliy Koreya bilan chegarada joylashganligi ba'zi ekspertlarning shaharda koronavirus avj olishi Shimoliy Koreyadagi epidemiya bilan bog‘langani haqida taxminlar bildirishiga sabab bo‘lgan. Ularning ta'kidlashicha, dastlab koronavirus Shimoliy Koreyaga Xitoydan olib kirilgan va keyinchalik chegaradan o‘tib yuruvchi koreyalik savdogarlar tomonidan Xitoyga qaytgan. 
Shahardagi barcha jamoat joylari yopilgan, transport to‘xtatilgan. Aholiga uylarida qolish buyurilgan. Shahar yuqori xavf toifasiga kiritilgan. 
Shimoliy Koreya Xitoy bilan chegarasini yanvarda yopgan va hozircha koronavirusdan birorta kasallanish holati haqida rasman ma'lum qilmagan. Biroq Bloomberg axborot agentligining Seuldagi Koreya universiteti tibbiyot fanlari professori Kim Sin Gonga tayanib xabar berishicha, Shimoliy Koreyada chegaralar yopilgungacha yuzlab koronavirusga chalinish holatlari haqida ma'lum bo‘lgan. Amerikalik harbiylarning fikricha ham Shimoliy Koreyada epidemiya mavjud.
Shimoliy Koreya yopiq davlat bo‘lgani sababli u yerdagi real vaziyat haqida gapirish qiyin. Biroq shunga qaramay, ba'zi yangiliklardan u yerdagi vaziyat bo‘yicha muayyan tasavvur hosil qilish mumkin bo‘lmoqda. Jumladan, aprel oxirida Shimoliy Koreya poytaxti Pxenyanda uzoq muddat saqlanuvchi oziq-ovqat mahsulotlari sarosimada xarid qilinayotgani ma'lum qilingan. Shuningdek, martda Shimoliy Koreya hukumati 4500 kishi karantindan olinganini ma'lum qilgan. Ta'kidlanishicha, mamlakatda epidemiya mavjudligining boshqa alomatlari ham kuzatilgan. Hukumat tomonidan pandemiyaga qarshi kurash uchun xorijiy yordamning qabul qilinishi bunga misol bo‘la oladi. Shuningdek, Shulanda karantin kiritilgani xabar qilinishi bilan bir vaqtda Xitoy ommaviy axborot vositalari Shimoliy Koreyaga koronavirusni aniqlovchi minglab test to‘plamlari yuborilganini ma'lum qilishgan.  
Manba: "kun.uz"