Turkiya Liviyadagi elchixonasi o‘qqa tutilgach Haftar armiyasiga javob zarbasi berishga tayyorligini bildirdi


Anqara Liviya poytaxti Tripolidagi elchixonaning o‘qqa tutilishida feldmarshal Xalifa Haftar kuchlarini aybladi. Turkiya agar bunday vaziyat takrorlangudek bo‘lsa, Haftar tuzilmalariga javob zarbalari berilishidan ogohlantirdi.

                                                                                      Foto: Hani Amara / Reuters
                    
Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vazirligida ma'lum qilindi.
Ta'kidlanishicha, oxirgi kunlarda Haftar kuchlari fuqarolar va fuqarolik obektlariga hujumlarini kuchaytirgan va bu hujumlardan birida Turkiya elchixonasiga zarar yetgan. Vazirlik xabarida ta'kidlanishicha, 9 may kuni Haftar tuzilmalari Tripoli markazini artilleriyadan o‘qqa tutib, 100 dan ko‘proq raketa bilan zarba bergan.
Oxirgi kunlar davom etayotgan bu zarbalar ostida diplomatik missiyalar, jumladan Turkiya elchixonasi, Mitiga aeroporti, parvoz qilishga tayyorgarlik ko‘rgan fuqarolik samolyotlari va boshqa fuqarolik obektlari qolgan.  
“Shu munosabat bilan yana bir bor ta'dkidlab o‘tamiz, agar Liviyadagi vakolatxonalarimiz va manfaatlarimizga zarba berilsa, biz Haftar tuzilmalarini javob zarbasi berish uchun qonuniy nishon sifatida qabul qilamiz”, deyilgan xabarda.
Turkiya tashqi ishlar vazirligida, shuningdek, BMTning Liviyadagi voqealarga hech qanday munosabat bildirmayotgani yo‘l qo‘yib bo‘lmas holat deb atalgan. “Haftarga harbiy, moliyaviy va siyosiy yordam ko‘rsatayotgan davlatlar Liviya xalqi chekayotgan azob-uqubatlar va mamlakat tortilayotan alg‘ov-dalg‘ovlik va barqarorsizlik uchun javobgardir”, deb ta'kidlab o‘tilgan vazirlikda. 
28 aprelda Xalifa Haftar mamlakatda boshqaruvni o‘z qo‘liga olishini va Fayoz Sarroj boshchilik qiluvchi Milliy kelishuv hukumati shakllanishiga olib kelgan kelishuvdan chiqishini e'lon qilgan. Haftar unga bo‘ysunuvchi kuchlar xalq uqubatlarini yengillashtirish, fuqarolar huquqlarini himoyalash, ularning istaklarini amalga oshirish va ular ravnaqi uchun ishlashini aytgan.   
Ikki kun o‘tib Haftar boshchilik qiluvchi Liviya milliy armiyasi vakili Haftar kuchlari muqaddas Ramazon oyida barcha jangovar harakatlarni to‘xtatishini e'lon qilgan. Biroq u shu bilan birga armiya yarashuv shartlarining har qanday buzilishi uchun darhol javob berishini qo‘shimcha qilgan.
Shunga qaramay, Liviyada jangovar harakatlar davom etgan. Jumladan, Italiya va Turkiya 7 may kuni Tripolidagi “yashil hudud” o‘qqa tutilganini ma'lum qilgan. Biroq Liviya milliy armiyasi vakili Haftar kuchlarining Tripolidagi aholi yashash hududlari, jumladan diplomatik obektlar o‘qqa tutilishiga aloqador emasligini ma'lum qilgan.
Manba: "kun.uz"