Britaniyada koronavirus xavfining 5 balli shkalasi joriy qilindi


                                                 Foto: AP
                    
                                Britaniya hukumati mamlakatda koronavirus xavfining 5 balli shkalasini joriy qildi. Qirollikda bu daraja karantin evaziga to‘rtinchidan uchinchiga tushiriladi.
Bu haqda Britaniya bosh vaziri Boris Jonson ma'lum qildi.  
“Vaziyatni kuzatish uchun koronavirus xavfidan ogohlantiruvchi yangi shkalani kiritdik. Uning yangilanishiga bioxavfsizlik bo‘yicha birlashgan markaz mas'uldir. Hammasi bo‘lib 5 ta daraja bo‘ladi. Karantin vaqtida biz 4-darajada bo‘lgandik va ayni vaqtda 3-daraja tomon harakatlanadigan holatda turibmiz”, deb aytgan Jonson millatga murojaatida.   
Uning ta'kidlashicha, xavfning 1-darajasi – yashil daraja mamlakatda virus yo‘qligini, 5-daraja – qizil esa milliy sog‘liqni saqlash tizimi koronavirusga chalinganlar ko‘pligidan ularni eplay olmayotganini anglatadi.
Shuningdek, mamlakatda xorijdan kelayotgan barcha uchun 14 kunlik majburiy karantin kiritiladi. Ayni vaqtda Britaniya ichida karantin amal qilib, chegaralar yopilmagan. Xorijdan kelayotganlar hozircha karantin o‘tishi shartmas qilib belgilangan.
“Yaqin orada, virus tarqalishi ancha kamaygandan keyin xorijdan kelganlar hisobiga takror kasallanishlar bo‘lmasligi uchun mamlakatimizga uchib kelayotganlar uchun majburiy karantin kiritiladi”, deb aytgan Jonson. 
Bosh vazirning ta'kidlashicha, maktablar va do‘konlar 1 iyundan keyin sekin-asta ochilishi mumkin.
Jonson yurtdoshlariga pandemiya vaqtida hukumat harakatlarini qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdorlik bildirgan. Uning ta'kidlashicha, yaqin vaqtda karantin choralari saqlanib qoladi. 
Manba: "kun.uz"