Qozog‘istonda o‘qituvchilarni himoya qiluvchi yangi qonuniy tartib kuchga kirdi


Qozog‘istonda o‘qituvchilarni kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etganlik va ulardan ortiqcha hujjatlarni talab qilganlik uchun javobgarlik belgilangan. 10 may kunidan kuchga kirgan qaror bilan pedagoglardan talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxati tasdiqlandi.

                                                                                      Foto: Informburo.kz
                    
                                Bu haqda mamlakat Ta'lim va ilm-fan vaziri Asxat Aymagabetov ma'lum qildi.
«Men 2020 yil 6 aprel kuni imzolagan, pedagoglarning ortiqcha hisobdorligi muammosini hal etuvchi 130-sonli buyruq kuchga kirdi. Buyruq bilan o‘rta, texnik va professional ta'lim tashkilotlari pedagoglari to‘ldirishi majburiy bo‘lgan hujjatlarning aniq ro‘yxati belgilab qo‘yildi», – deb yozdi vazir Asxat Aymagambetov Facebook sahifasida.
Vazirning tushuntirishicha, bu hujjat bilan o‘qituvchilarni ko‘plab hisobotlardan qutqarish uchun huquqiy asos yaratilgan.
«Endi vazirlik tomonidan tasdiqlangan aniq ro‘yxat bor. Bu ro‘yxatga kirmaydigan hujjatlarni o‘qituvchidan talab qilish «Pedagog maqomi to‘g‘risida»gi qonun va Ma'muriy kodeksga asosan javobgarlikka sabab bo‘ladi: ular tegishli organlar tomonidan jarimaga tortilishi mumkin», – deydi Aymagambetov.
U prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev avgust oyidagi konferensiyada aynan shunday topshiriq berganini eslatib o‘tgan.
Belgilangan qoidalarni buzganlar 55 ming tenge ($130)dan 333 ming tenge ($790)gacha ma'muriy jarimaga tortiladi.
Qozog‘iston ta'lim va ilm-fan vaziri yangi o‘rnatilgan tartib haqida batafsil ma'lumot berdi.
«Birinchidan. Endi fan o‘qituvchilari har kuni ikkita hujjatni to‘ldiradilar: sinf jurnalini yuritish va yaqin istiqboldagi darslar rejasini tayyorlash. Shuningdek, o‘quv yili boshida o‘rta muddatli istiqbol uchun taqvim-mavzuviy rejalar tuzish va har chorak yakunida mezonlar bo‘yicha baholash hujjatlarini to‘ldirish talab etiladi. Qolgan barcha turdagi ko‘plab hujjatlar bekor qilinadi.
Foto: Qozog‘iston Ta'lim va ilm-fan vazirligi
Agar o‘qituvchi yosh pedagogga ustozlik ham qilsa, u holda buning uchun taxminan 17 ming tenge ($40) ustama ham oladi va bunda o‘qituvchi tayyorlashi kerak bo‘lgan hujjatlar ro‘yxatiga yosh hamkasbi bilan birgalikdagi faoliyati yuzasidan tayyorlaydigan bitta metodik hujjat ham qo‘shiladi.
Agar o‘qituvchi sinf rahbari bo‘lsa, o‘quv yili boshida tarbiyaviy ishlar rejasini tayyorlaydi; bu rejani amalga oshirib borish barobarida ota-onalar majlisi haqidagi protokollarni elektron formatda to‘ldirib boradi, o‘quvchilarning tabellarini to‘ldiradi, zarurat tug‘ilganda o‘quvchilarning shaxsiy hujjatlarini yangilaydi.
Maktablar rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari uchun ham yuritilishi kerak bo‘lgan eng zaruriy hujjatlar ro‘yxati tasdiqlanib, barcha ortiqcha hujjatlar bekor qilindi.
Kollej o‘qituvchilaridan quyidagi hujjatlarni tayyorlash etiladi: o‘quv yili boshida – ishchi o‘quv dasturi va taqvim-mavzuviy reja; har kuni – dars rejasi, nazariy va ishlab chiqarish ta'limi hamda individual mashg‘ulotlar jurnali.
Manba: "kun.uz"