Koronavirus: Rossiya Britaniya va Italiyani ham ortda qoldirib, uchinchi o‘ringa chiqdi


Rossiyada so‘nggi bir kunda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq 11 656 holat qayd etildi va jami zararlanish holatlari soni 221 344taga yetdi.

                                                                                  
                    
Shu tariqa, Rossiya dushanba kuni kasallanish holatlari soni bo‘yicha Britaniya va Italiyani ortda qoldirdi. Endilikda ushbu mamlakat rasmiy tasdiqlangan holatlar soni bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘ringa chiqdi.
So‘nggi bir kunda yangi zararlanish holatlari Rossiyaning barcha 84 regionida qayd etilgan. Shundan 6 169 holat poytaxt Moskvaga to‘g‘ri keladi. Shaharda Covid-19 bilan kasallanish holatlari soni 115 909taga yetdi.
Bu borada ikkinchi o‘rinda Moskva oblasti (1 079 yangi holat, jami  holatlar soni 20,6 ming), uchinchi o‘rinda - Sankt-Peterburg (307 yangi holat, jami holatlar soni 7,7 ming) joylashgan.
So‘nggi bir kunda koronavirus bemorlarining 94 nafari vafot etdi. Shu tariqa, jami qurbonlar soni 2 009 nafarga yetdi.
Yakshanba kuni shifoxonalardan jami 5 495 kishiga javob berilgan va shu vaqtgacha tuzalganlar soni 39 801 nafarga yetgan.
Dushanba kuni Rospotrebnadzor Rossiyada shu vaqtgacha 5,6 milliondan ortiq test o‘tkazilganini ma'lum qildi. So‘nggi bir kunda jami 188 ming kishi koronavirusni aniqlash bo‘yicha test topshirgan.
Rossiyada so‘nggi to‘qqiz kun davomida kunlik kasallanish holatlari soni 10 mingdan kam bo‘lmayapti. 7 may kuni Rossiya jahon reytingida Germaniya va Fransiyani ortda qoldirib, beshinchi o‘ringa ko‘tarilgan, yakshanba kuni esa mamlakatda koronavirusdan zararlanish holatlari 200 mingdan oshgandi.
Manba: "kun.uz"