Saudiyada iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun yordam pullarini bekor qilish va QQSni 3 marta oshirishga qaror qilindi


Saudiya Arabistoni hukumati koronavirus pandemiyasidan jiddiy zarar ko‘rgan iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘rilayotgan qat'iy choralar doirasida qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) 3 marta oshirishga va aholiga beriladigan yordam pullarini bekor qilishga qaror qildi.

                                                                                      
                    
                                QQS qiymati 1 iyuldan 5 foizdan 15 foizgacha oshiriladi.
Bundan tashqari, 1 iyundan mamlakatda turmushning qimmatligi uchun ustama pullar deb ataluvchi yashash minimumi nafaqalarini to‘lash bekor qilinadi. Bularning barchasi koronavirus inqirozi sharoitida iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun amalga oshiriladi.
“Bi-bi-si” telekanalining eslatishicha, Saudiya Arabistoni budjeti nafaqat koronavirus pandemiyasi, balki neft arzonlashishi sababli ham jiddiy zarar ko‘rgan. 
Podshohlikda QQS ilk bor 2 yil avval paydo bo‘lgan. Bu chora iqtisodiyotning neftga bog‘liqligini kamaytirish bilan asoslangan. O‘shanda budjet tashkilotlari xodimlari uchun QQSning va benzin narxi oshishining ta'sirini kamaytirish maqsadida  1 ming riyol (267 dollar) miqdorida har oylik yordam puli joriy qilingan. 
Ar-Riyodning ko‘rayotgan choralari davlatning xarajatlari daromadlaridan oshib ketgani va budjet taqchilligi joriy yilning ilk 3 oyida 9 mlrd dollarga yetgani ma'lum qilingani ortida yangradi. Saudiya Arabistonining neftdan oladigan daromadlari 2019 yilga nisbatan 25 foizga – 34 mlrd dollarga kamaygan. 
Saudiya Arabistoni moliya vaziri Muhammad al-Jad'an ko‘rilayotgan choralar og‘riqli ekanini, biroq zarurligini ta'kidlab o‘tgan. 
Avvalroq, mart oyida podshohlikning oltin-valuta zaxiralari 2011 yildan beri eng past ko‘rsatkichga tushib ketgani ma'lum qilingan.
Manba: "kun.uz"