Chilonzorda tadbirkor va fuqarolar kelisha olmayapti. Hokimlik qurilish uchun yer ajratishda aholi fikrini inobatga olmaydimi?


Chilonzorda tadbirkor va fuqarolar kelisha olmayapti. Hokimlik qurilish uchun yer ajratishda aholi fikrini inobatga olmaydimi?





Chilonzor tumani Muqimiy ko‘chasida joylashgan 144-148 uylar oralig‘idagi 6 sotix yer maydoniga ofis va omborxona qurish rejalashtirilgan. Shu yerda yashovchi fuqarolar esa bu qurilishdan norozi bo‘lishmoqda.

Tahririyatga kelib tushgan murojaatni o‘rganish, tomonlarni eshitish va hujjatlar bilan tanishish maqsadida uylar joylashgan manzilda bo‘ldik.

«Ko‘p qavatli uylar orasida qurilish bo‘lishiga qarshimiz»


Ma'lum bo‘lishicha, «Baliq savdo» MChJning Chilonzor tumani 10-mavze TXAY ko‘chasida joylashgan omborxona binosining buzilishi evaziga kompensatsiya tariqasida Toshkent shahar hokimining qarori bilan «2-Charxi Komolon» mahallasi Muqimiy ko‘chasida joylashgan 144-148 uylar oralig‘idagi 6 sotixli yer maydoni ajratib berilgan.



MChJ o‘ziga ajratilgan yerga ofis va omborxona qurishni rejalashtirib, o‘z yerini o‘rab olish ishlarini boshlagan. Biroq ushbu yerdagi ko‘p qavatli uylar ahli bundan norozi bo‘lishmoqda.
«Biz 144-148 uylarda yashovchi fuqarolar bu yerga qurilish bo‘lishiga qarshimiz. Farzandlarimiz o‘ynaydigan joyda qurilish qilishi, daraxtlarni kesib tashlashi mumkin emas-ku! Tadbirkor aholining roziligini olgani yo‘q. Biz qarshimiz. Hech qanday qurilish bo‘lmasin. Chunki bizning uylarga juda yaqin masofada qurilmoqda.





Qurishni boshlash uchun hujjatlarni ko‘rsatinglar, desak, Toshkent shahar hokimining qaroridan boshqa narsani ko‘rsatishgani yo‘q. Tasdiqlanmagan bosh planni olib ko‘rsatishdi. U ham noto‘g‘ri. Bu yerga omborxona va ofis quriladigan bo‘lsa, farzandlarimiz qayerda o‘ynashadi, o‘zimiz qayerda toza havodan nafas olamiz? O‘zimizning tadbirkor bolalar maydonchasi, avtoturargoh qurib bermoqchi. Qurilish uchun avval aholining roziligi olinishi kerak emasmi?!» – deydi norozi bo‘lib yig‘ilgan fuqarolardan biri.
«Daraxtlarni saqlash, avtoturargoh tashkil etish va aholi roziligini olish shart» — Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi
Fuqarolar Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasiga ham ushbu masala bo‘yicha murojaat qilishgan. Loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 2020 yil avgustdagi xulosasiga ko‘ra, ofis va omborxona binolarini qurish loyihasi turar joy binolari bilan oraliq masofalarni va mavjud ko‘p yillik daraxtlarni saqlash hamda avtoturargoh tashkil etish, aholi roziligini olish sharti bilan loyiha ishlarini davom ettirishga kelishilgan. Lekin agarda qurilish boshlanadigan bo‘lsa, ko‘p yillik daraxtlar kesilishiga to‘g‘ri keladi.




Mazkur xulosa esa qurilish boshlash uchun asos bo‘lmasligi ta'kidlangan.
«Tadbirkor fuqarolar bilan kelishib, ularni rozi qilish kerak» — tuman hokimligi
Chilonzor tumani hokimligining vaziyatdan xabardor va shu yerda bo‘lib turgan vakili kelishmovchilik yuzasidan izoh berdi.




«Bo‘layotgan holatdan xabarimiz bor. Tadbirkorga Toshkent shahar hokimining qarori bilan ushbu yer ajratib berilgan. Hozirda hujjatlarni tayyorlashmoqda. Lekin aholi bilan kelishib, ularni rozi qilishlari kerak. Biz bu masalalarni tadbirkorga aytganmiz», – deydi Chilonzor tumani hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyat bosh mutaxassisi Mirsaid Mirsobirov.
«Ko‘plab takliflar berilgan, ammo fuqarolar ko‘nishmayapti» — MChJ vakili
Holat yuzasidan MChJ vakilini suhbatga tortdik. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha bor fuqarolar bilan murosa qilishga harakat qilingan, lekin ular rozi bo‘lishmayapti.
«Uylarning podezdlarini ta'mirlab berish, avtoturargoh qurish va boshqa takliflar berdik. Lekin fuqarolar baribir qurilishga qarshi bo‘lishmoqda. Bu bizga berilgan yer. Uni o‘rashga haqqimiz bor. Lekin nima qilish kerak? Fuqarolar qurilishga rozi bo‘lishmayapti», – deydi MChJ vakili Islombek Gafurov.
Yana o‘sha muammo: Hokimlik yer ajratadi, tadbirkor va fuqarolar kelisha olishmaydi
So‘nggi yillarda tahririyatimizga ayniqsa Toshkent shahridan kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlar mazmuni bir xil: tadbirkor «quraman» deydi, fuqarolar «qurmaysan» deydi.
Hokimlik tadbirkorga qaror chiqarib berib, yerni ajratib beradi va go‘yoki o‘yindan chiqadi. Shundan so‘ng fuqarolar va tadbirkor o‘rtasida nizo boshlanadi.




Vaziyat aynan ko‘p qavatli aholi uylari orasida qurilish qilish, yer ajratish bo‘yicha tizimli muammolar borligi, bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Aks holda, bu kabi holatlar goh Yunusobod, goh Mirobod, goh poytaxtning boshqa bir tumanida qayta va qayta kun tartibiga chiqaveradi.
Rahmatillo Isroilov tayyorladi.
Manba: "kun.uz"