Buyuk Britaniyada ishlab chiqariladigan vaksina samaradorligini sinash uchun dunyoda ilk bor ko‘ngillilarga COVID-19 yuqtiriladi


Londonda dunyoda ilk bor COVID-19 vaksinasi samaradorligini sinash uchun ko‘ngillilarga kasallik keltirib chiqaradigan SARS-CoV-2 virusi yuqtiriladigan tajriba o‘tkaziladi. Bu haqda Financial Times’ga tayanib, “RBK” xabar berdi




Qayd etilishicha, tajriba yanvar oyida boshlanadi, bu haqda esa keyingi haftada rasman e’lon qilinadi. Tashkilotchilar ushbu tajriba 2021-yilda klinik sinovlari boshlanadigan COVID-19 vaksinalarining eng istiqbollilarini tanlab olish imkonini berishiga umid qilmoqda.

Ko‘ngillilarga dastlab vaksina inyeksiyasi yuboriladi (aynan qanday preparat ekanligiga aniqlik kiritilmagan), oradan bir oy o‘tib esa kasallik keltirib chiqaradigan dozada SARS-CоV-2 yuboriladi.

Buyuk Britaniyada qariyb ikki ming nafar, dunyo bo‘yicha esa 37 mingdan ortiq ko‘ngillilar ushbu tajribada ishtirok etish istagini bildirgan.
Loyihaning ilmiy tomoniga London Imperiya kolleji va Britaniyaning hVIVO kompaniyasi rahbarlik qiladi. Sinovlar o‘tkazish joyi to‘g‘risidagi qaror hali qabul qilinmagan, katta ehtimol bilan Londonning Uaytchepel mavzesidagi ixtisoslashgan shifoxonada o‘tkazilishi mumkin.

Qayd etilishicha, bunday tajriba vaksina ishlab chiqishda qo‘l kelishi mumkin, lekin eng muhimi unda ishtirok etuvchilarning xavfsizligi hisoblanadi.

Financial Times’ning yozishicha, hVIVO tomonidan tashkillashtirilgan grippga qarshi preparat tajribasida qatnashgan ko‘ngillilarga 3,7 ming funtgacha (taxminan 4711 dollar) kompensatsiya beriladi. COVID-19 bilan bog‘liq tajribada esa kompensatsiya miqdori katta ehtimol bilan undan ham ko‘p bo‘ladi.

Ayni paytda Buyuk Britaniyada COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat bahordagi ko‘rsatkichga qaytmoqda. Hukumat qishda vaziyat undan ham og‘irroq bo‘lishidan ogohlantirgan. Bosh vazir Boris Jonson mamlakatda qayta karantin joriy etilishi mumkinligini ma’lum qilgan
Manba: "daryo.uz"