Uhanda koronavirusning ikkinchi to‘lqiniga yo‘l qo‘ymaslikka va'da berildi


2019 yil oxirida koronavirus tarqalishi boshlangan Uhan shahrida so‘nggi kun ichida 5 ta koronavirusga chalinish holati qayd etildi. Shu munosabat bilan mahalliy hokimiyat shaharda koronavirus tarqalishining ikkinchi to‘lqiniga yo‘l qo‘ymaslikka va'da berdi.

Ma'lum qilinishicha, Xitoyda so‘nggi bir kun ichida koronavirusga 17 kishi chalingan, ulardan 7 nafari xorijdan kelgan. Jumladan, Uhanda 29 yoshdan 81 yoshgacha bo‘lgan 5 kishida koronavirus qayd qilingan. Ularda kasallik alomatlari bo‘lmagan. Undan bir kun avvalroq shaharda 3 apreldan beri ilk bor koronavirusga chalinish holati qayd etilgani ma'lum qilingandi.
“Ayni vaqtda shaharda virusga qarshi qat'iy choralar ko‘rilmoqda. Biz epidemiyaning takroriy to‘lqiniga qat'iyan yo‘l qo‘ymaymiz”, deyilgan Uhanning gigiyena va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha qo‘mitasi bayonotida. Qo‘mitada ta'kidlanishicha, hokimiyat vaziyatni normallashtirish uchun “puxta o‘ylangan choralar”ni amalga oshirmoqda.
Ayni vaqtda butun dunyo bo‘ylab koronavirusga chalinganlar soni 4,2 mlndan oshib ketdi. Virus 285 mingdan ko‘proq kishining hayotini olib ketgan, 1,5 mln.dan ko‘proq kishi sog‘ayib ketgan.

Manba: "kun.uz"