Dunyodagi vaziyat: Janubiy Koreyada virus yana avj oldi, Oq uyda infeksiya, bolalarda og‘ir alomatlar


Butun dunyoda Covid-19 tashxisi qo‘yilganlar soni 4,1 milliondan oshgan, kasallik 282 mingdan oshiq bemor vafot etgan. Karantin choralari yumshatilgan ayrim davlatlarda kasallanish holatlari o‘sa boshladi.

Janubiy Koreya hukumati 9 may kuni 18 kishida virus aniqlangani haqida ma'lum qildi, 10 may kuni 34ta yangi holat haqida e'lon qilindi - bu so‘nggi oy ichidagi eng yuqori kunlik o‘sish ko‘rsatkichi bo‘ldi, shundan 26 holat manbasi mamlakat ichkarisidagi bemorlar, 8 holat xorij bilan bog‘liq (so‘nggi marta 12 aprel kuni 32 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan, 30 aprel kuni esa mamlakatda birorta yangi holat qayd etilmagandi). Prezident Mun Je In mamlakatda virus epidemiyasining ikkinchi to‘lqini boshlanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Mamlakatda 6 maydan faqat ehtiyotkorlik va profilaktika choralariga rioya qilishni ko‘zda tutuvchi «kundalik hayotdagi karantin» rejimi joriy etilgandi. Endilikda hukumat cheklovlarni qaytardi hamda barcha barlar va restoranlar yopildi. 
Bunga koronavirus yuqtirgani gumonlangan 29 yoshli yigit 2 mayga o‘tar kechasi Itevon shahridagi 5ta tungi klubga borib, ko‘p odamlar bilan muloqotda bo‘lgan. Keyinchalik unga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan. 9 may kuni tasdiqlangan 18ta holatning 17tasi aynan u bilan bog‘liqligi ma'lum bo‘lgan. Hukumat shu vaqt oralig‘ida tungi klubda bo‘lgan 1,5 mingga yaqin odamni topib, ularni tekshirishni buyurgan.
Ayni vaqtga kelib Janubiy Koreyada koronavirusga chalinish holatlari soni 10 874taga yetdi, bemorlarning 9 610 nafari sog‘aygan, 256 nafari vafot etgan. 1008 kishi shifoxonalarda davolanmoqda.
Germaniyada ham yangi holatlar o‘sa boshladi; bu mamlakatda chorshanba kuni karantin choralari yengillashtirilgandi.


Robert Kox nomidagi Infeksion kasalliklar tadqiqotlari bo‘yicha institut ma'lumotlariga ko‘ra, bir kishining boshqalarga kasallik yuqtirishini ifodalovchi reproduktiv son — R ko‘rsatkichi 1,1’dan oshgan. Germaniyada 9 may kuni 736ta yangi holat qayd etildi, 10 may kuni bemorlar soni 315taga oshdi. Jami zararlanish holatlari soni 171 639taga yetgan, 7,5 mingdan ortiq bemor vafot etgan.
Sotsial-demokratlar partiyasidan Bundestag deputati, professor-virusolog Karl Lauterbax koronavirus yana keng ko‘lamda tarqala boshlashidan ogohlantirdi. U shanba kuni o‘z shahri Kyoln ko‘chalarida to‘p-to‘p bo‘lib yurgan hamshaharlarini ko‘rgach, shunday bayonot bilan chiqdi.
«Bu shunga olib keladiki, R ko‘rsatkichi birdan oshadi va biz kasallik geometrik progressiya tarzida tarqalishiga guvoh bo‘lamiz. Choralar yumshatilishiga juda bo‘sh tayyorgarlik ko‘rilgan», - deya yozgan u tvitterdagi sahifasida
Koronavirus pandemiyasi o‘chog‘i bo‘lgan Uhan shahrida so‘nggi bir oyda ilk marta Covid-19dan zararlanish holati qayd etildi.
Tashxis qo‘yilgan 89 yoshli erkak ayni vaqtda og‘ir ahvolda shifoxonada joylashtirilgan. Unda avvaliga kasallik belgilari bo‘lmagan, ammo test natijalari unda virus borligini ko‘rsatgan.
Xitoy sog‘liqni saqlash komissiyasi ma'lumotiga ko‘ra, mamlakatda so‘nggi bir kunda jami 14ta yangi holat qayd etildi va shundan 13tasining manbasi mamlakat ichkarisida.
Oq uyda infeksiya
AQShda Oq uyning koronavirus bo‘yicha maxsus shtabining 3 nafar xodimi Covid-19 tashxisi qo‘yilgan bemor bilan aloqada bo‘lgani uchun o‘zini izolyatsiya qildi.

Amerikaning Politico nashri yozishicha AQSh vitse-prezidenti Maykl Pensning matbuot kotibi Keti Millerda koronavirus aniqlangan.
Ikki haftalik karantinga ketganlar - AQShning allergik va yuqumli kasalliklar bo‘yicha milliy instituti direktori Entoni Fauchi, Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) rahbari Robert Redfild va AQSh sog‘liqni saqlash vazirligining oziq-ovqat mahsulotlari dori-darmonlar sifati masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi rahbari Stiven Xan.
Oq uy vakillari xabar qilishicha, Pens yaqin orada Keyti Miller bilan aloqada bo‘lmagan. Keyti Millerning turmush o‘rtog‘i Stiven Miller - Donald Trampning katta maslahatchilaridan biri hisoblanadi.
Biroz avvalroq Pensning yordamchisi, unga oziq-ovqat va ichimlik yetkazib beradigan xodimda ham koronavirus aniqlangandi. Oq uy Pens va Tramp har kuni koronavirusga test topshirayotgani va har safar test salbiy natija ko‘rsatayotganini qayd etgan.
Nyu-Yorkda nafas olish yo‘llari o‘tkir yallig‘lanishi oqibatida vafot etgan uch nafar bola o‘limi koronavirus infeksiyasi bilan bog‘lanayotgani shtat gubernatori Endryu Kuomoni «Covid-19 tarixida mutlaqo yangi sahifa» haqida ogohlantirishga majbur qildi. Ekspertlar shu vaqtgacha koronavirus bolalarda faqat kichik alomatlarni keltirib chiqaradi, degan fikrda edi.
Shtat ma'murlari ma'lumotiga ko‘ra, yakunlangan haftada Nyu-Yorkda 73 bola Kavasaki kasalligini (Bu ba'zida chaqaloqlarda va 1–8 yoshdagi bolalarda uchraydigan tomir kasalligi. Uzoq muddatli isitma, eksantema, kon'yunktivit, shilliq pardalarning yallig‘lanishi va limfadenopatiya bilan tavsiflanadi. Koronar arteriya anevrizmalari rivojlanishi va yorilishi yoki miokard infarktiga olib kelishi mumkin) eslatadigan toksik shok belgilari bilan shifoxonaga yotqizilgan. «Bu qandaydir yangi narsa. Bu hali endi rivojlanmoqda», - degan Kuomo.
Shu bilan birga, tibbiy ekspertlar hozircha bolalar o‘limi koronavirus bilan bog‘liq ekanini tasdiqlashmagan.
Yevropa va Avstraliya
Fransiya va Ispaniya yangi haftadan karantin choralarini yanada yengillashtirishni rejalashtirgan. Fransiyada shanba kuni 80 kishi, yakshanba kuni 70 kishi Covid-19 qurboni bo‘ldi - bu aprel oyi boshidan buyon eng past ko‘rsatkichlardir. Mamlakatdagi keksalar uylaridagi o‘lim ko‘rsatkichlari ham kamaygan. 

Ispaniyada mamlakatning yarmi dushanba kunidan karantindan chiqishning birinchi bosqichiga o‘tadi: odamlarga 10 nafargacha bo‘lib to‘planish va ko‘chalar bo‘ylab sayr qilishga ruxsat beriladi. Restoranlar savdo qilishni boshlaydi (olib ketishga), birlamchi ehtiyojdagi mahsulotlar bilan savdo qilmaydigan do‘konlar ham ochiladi.
Ammo Madrid, Barselona va boshqa yirik shaharlarda cheklovlar saqlanib qolinadi, bu hududlar hamon virus keng tarqalgan hududlar bo‘lib qolmoqda. Bu shaharlar karantindan chiqishning birinchi bosqichiga kirishi bir haftaga kechiktirilgan.
Belgiyada yakshanba kunidan 4 nafargacha bo‘lgan kishini mehmonga chaqirishga ruxsat berildi. O‘tgan haftada mamlakat bosh vaziri Sofi Vilmes odamlarga kichik guruhlar bo‘lib to‘planishga ruxsat berilishi rejalashtirilayotgani haqida ma'lum qilgandi, chunki ko‘pchilik ko‘p vaqtdan buyon yaqinlarini ko‘ra olmayapti.
Avstraliyada yakshanba kuni politsiya Melburnda parlament binosi oldida karantin choralariga qarshi namoyish uyushtirgan 10 nafar kishini hibsga oldi.
150 nafarga yaqin kishi ijtimoiy masofa saqlash qoidalarini mensimay miting o‘tkazdi. Ushbu mamlakatda karantin qoidalarini buzganlik uchun 1600 Avstraliya dollari (1045 AQSh dollari) miqdorida jarima ko‘zda tutilgan.
Avstraliya bosqichma-bosqich karantin choralarini yumshatmoqda, mamlakat iyul oyiga qadar o‘z iqtisodiyotini koronavirus xavfidan xoli qilishga tayyorlanmoqda.

Manba: "kun.uz"